AtomTaxi — Toshkent uslubidagi shaharda Chevrolet Cobalt taksisini haydash simulyatori. U Vite, TypeScript, three.js va Rapier fizika dvigateli ustida yozilgan, brauzerda ishlaydi va hech narsa o'rnatishni talab qilmaydi. Bu yozuvda uchta qiyin qism haqida: fizika, shahar hayoti va unumdorlik.
Fizika: arkada emas, lekin o'ynasa bo'ladigan
Mashina Rapier'ning raycast vehicle kontrolleri ustida: osma, og'irlik ko'chishi, havo qarshiligi, 6 pog'onali avtomat yoki mexanika. Fizika 1/60 soniyalik fiks qadamda hisoblanadi, ekranga esa interpolyatsiya bilan chiziladi — kadr tezligi o'zgarsa ham mashina o'zini bir xil tutadi.
Mercedes C63 uchun orqa yuritma Rapier'ga topshirilmagan: orqa o'qning o'z aylanish tezligi bor, har shina bo'ylama va ko'ndalang sirpanishni birga hisoblaydi. Klaviaturada gaz faqat 0 yoki 1 bo'lgani uchun drift yordamchisi «o'ng oyoq» vazifasini bajaradi, qolgan paytda traction control va ESP mashinani ushlab turadi.
Har o'zgarish raqam bilan tekshiriladi: test:physics va test:drift skriptlari o'yinni brauzerda render'siz ishga tushirib, 0–100, tormoz yo'li va drift simmetriyasini o'lchaydi.
Tirik shahar
AI mashinalar polosa grafigi bo'ylab IDM (Intelligent Driver Model) bilan yuradi: oldingi mashinadan, svetofordan va o'yinchidan masofa saqlaydi, tormozni silliq bosadi. Chorrahada kesishadigan yo'llar band qilinadi — mashina faqat yo'l bo'sh bo'lsa kiradi. Piyodalar zebradan o'tadi, AI mashinalar ularni stop-chiziqda kutadi.
Taksi smenasi alohida qatlam. Unda quyidagilar bor:
- telefon ilovasida buyurtmalar va qo'l ko'targan yo'lovchilar
- polosa grafigida A* bilan GPS va «200 m dan so'ng o'ngga» ko'rsatmalari
- Yandex Go tarifi bo'yicha taksometr: qo'nish + km + daqiqa, tig'iz soatda koeffitsient
- metan sarfi, radar va svetofor jarimalari, yo'lovchi reytingi
7,5 mln dan 1,2 mln uchburchakka
Birinchi versiyada har kadrda 2 600 ta to'liq daraxt chizilardi, soya bilan ikki marta. Endi daraxtlar uch LOD darajasida va har biri kamera ko'rish maydoni bo'yicha kesiladi, uzoqdagi AI mashinalarda sodda g'ildirak, taxometr va xaritalar 30 Hz da chiziladi. Natija: kadrda ~7,5 mln o'rniga ~1,2 mln uchburchak.
O'yin kompyuterni o'zi baholaydi (GPU, yadrolar, xotira) va Past, O'rta yoki Yuqori presetni tanlaydi. O'yin davomida FPS 40 dan tushsa, grafika bir pog'ona yengillashadi; uzoq vaqt bemalol tortsa — qaytadi.
Ovoz — faylsiz
Cobalt dvigateli AudioWorklet'da sintez qilinadi. Turbo hushtagi, blow-off, shina g'ijirlashi va urilishlar ham sintez: urilish ovozi nimaga urilganingizga qarab tanlanadi — mashina, devor, ustun yoki daraxt. Faqat Mercedes'ning V8'i uchun haqiqiy yozuvlar ishlatilgan.
O'yinni atomtaxi.vercel.app'da sinab ko'rish mumkin — kompyuterda, klaviatura yoki gamepad bilan.